28-aprel kuni Toshkent islom universitetiga Quvayt Davlati Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ali Sulaymon al-Sayid boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Tashrif chog‘ida Quvayt delegatsiyasi bilan hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Ma’lumki, Toshkent islom universiteti Quvayt Davlati universitetlari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, shu vaqt mobaynida o‘zaro hamkorlikda bir qancha ilmiy-amaliy uchrashuv va seminarlar o‘tkazilgan.

Navbatdagi uchrashuv ham ayni shu hamkorlik aloqalarining uzviy davomi sifatida ta’lim, fan va ilmiy sohadagi ishlar hamda o‘zaro hamkorlik doirasida amalga oshiriladigan vazifalar, dolzarb masalalar, muhim ustuvor yo‘nalishlar muhokamasiga bag‘ishlandi.

Muzokaralar davomida ikki tomonlama hamkorlik doirasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilandi va muayyan xulosalarga kelindi.

Uchrashuv davomida Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ali Sulaymon al-Sayid boshchiligidagi delegatsiya universitetning Manbalar xazinasi, “Toshkent islom universiteti” nashriyot-matbaa birlashmasi faoliyati hamda universitet hududi va atrofida joylashgan tarixiy yodgorlik majmualariga ham tashrif buyurdi.

Mazkur ilmiy-amaliy uchrashuv mazmunli va samarali o‘tganligi bilan ahamiyatlidir.